Joriy yilda 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni mamlakatimizda sayl tarzida o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda XTV axborot xizmati. Xabarda qayd etilishicha, umumxalq bayramida yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha pedagoglarning ishtiroki ta’minlanadi. Bayram tadbirida ta’lim sohasida uzoq yillar yosh avlod ta’lim-tarbiyasida xizmat qilgan faxriy ustozlar bilan bir qatorda yosh pedagog va murabbiylar ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.

Xalq ta’limi vazirligiga ko‘ra, O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan xalq ta’limi tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan faxriy ustozlarga ehtirom ko‘rsatilib, bayram tabriklari yetkaziladi. Fidoyi o‘qituvchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshiriladi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tadbirlar tashkil etilib, umumxalq bayrami ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.