Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Akademik litseylar va professional ta’lim tizimi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni kuchaytirish va ularning mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi. Qaror bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligining qator takliflari ma’qullanishi mumkin.

Jumladan, akademik litseylar va professional ta’lim tizimidagi ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda – ta’lim muassasalari) rahbar va pedagog xodimlari hamda o‘quv yordamchi xodimlarining lavozim maoshlarini:

2020-yil 1-yanvardan — 2 baravarga oshirish;
2020-yil 1-sentyabrdan boshlab — 1,2 baravarga oshirish;
2020-yil 1-yanvardan yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va boshqa xodimlarning lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qo‘llash;
Institutning qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish asosida ishlab topgan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan institut xodimlari lavozim maoshlariga 200 foizgacha ustama haq to‘lash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda:

– 2020-yil 1-yanvardan ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog xodimlari hamda texnik, xizmat ko‘rsatuvchi, o‘quv yordamchi va boshqa xodimlarining lavozim maoshlarini belgilashda, mehnatga haq to‘lashning takomillashtirilgan mexanizmini joriy etadi;
– 2020—2021-o‘quv yilidan boshlab ta’lim muassasalarining kunduzgi o‘qish bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari, kasblar va mutaxassisliklariga qarab bir o‘qituvchiga to‘g‘ri keladigan o‘quvchilar soni nisbatining cheklangan normativlarini 1:10,0 nisbatida belgilaydi.
– ushbu nisbat normativlari Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

2020-yil 1-yanvardan boshlab:

a) ta’lim muassasalari xodimlariga ustamalar belgilash, mukofotlar to‘lash va moddiy yordam ko‘rsatish yo‘li bilan ularni rag‘batlantirish maqsadida, ta’lim muassasalarida byudjet tashkilotlari uchun qo‘llaniladigan xodimlarni moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi tashkil etiladi.

b) ta’lim muassasalarining pedagog xodimlariga qo‘shimcha haq, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining:

guruh rahbarligi uchun — 50 foiz;
yozma ishlarni tekshirish uchun — 25 foiz;
o‘quv va laboratoriya kabinetlariga mudirlik uchun — 25 foiz miqdorlarda belgilanadi.
Mazkur qo‘shimcha haqlar bilan bog‘liq xarajatlar ta’lim muassasalarini moliyalashtirish manbasidan kelib chiqib, mos ravishda byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.