Britaniya Kengashi loyihasi doirasida Cambridge Assessment International Education kompaniyasining yetakchi mutaxassislari Stiv King va Dominik Sleyd O‘zbekistondagi xalq ta’limi tizimini tahlil qildi, deb xabar bermoqda XTV axborot xizmati. Xabarda qayd etilishicha, olingan ma’lumotlarga asoslanib, maktabda ta’limni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Cambridge Assessment International Education vakillari Stiv King va Dominik Sleyd maktab direktor va o‘qituvchilari, shuningdek, o‘quvchi hamda ularning ota-onalari, ta’lim sohasidagi bir qator tashkilotlar mas’ullari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida xalq ta’limi tizimini o‘rganishgan. Natijalarga ko‘ra, britaniyalik maslahatchilar tomonidan xalq ta’limi tizimining kuchli va zaif tomonlari aniqlanib, dastlabki tavsiyalar ishlab chiqilib, XTV rahbariyatiga taqdim etilgan.

XTV axborot xizmati xabarida ekspertlar O‘zbekistonda o‘qituvchilar mavqei tobora o‘sib borayotganini, o‘quvchilar va ularning ota-onalari muallimlarni qadrlashini, shuningdek, maktablarda o‘tilayotgan o‘quv dasturini yuqori baholashgan.

Shu bilan birga mutaxassislar 10- va 11-sinf o‘quvchilariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun fanlarni tanlash imkoniyati berish kerakligini tavsiya qilishgan, milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish, kompetensiyali yondashuv asosida o‘qitishni yengillashtirish uchun darsliklarni qayta ko‘rib chiqishni taklif etishgan, pedagogik universitetlarga yuqori bilimga ega abituriyentlarni jalb qilish zarurligini aytishgan. Bundan tashqari, britaniyalik mutaxassislar maktablar faoliyatini baholovchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tuzishni va o‘qituvchilarni sertifikatlash tizimini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilishgan.

Cambridge Assessment International Education mutaxassislari Stiv King i Dominik Sleyd olingan ma’lumotlarga asoslangan holda yakuniy hisobot tayyorlaydi. Mazkur hisobotda xalq ta’limi tizimidagi kuchli tomonlar va mavjud muammolar, shuningdek, tizimni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ko‘rsatiladi. Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati britaniyalik mutaxassislarga tizim bo‘yicha yakuniy hisobotni tayyorlashda yana nimalarga e’tibor qaratish kerakligi borasida o‘z tavsiyalarini bergan. Britaniyalik mutaxassislarning yakuniy hisoboti vazirlik tomonidan muhokama uchun nashr etilishi rejalashtirilmoqda.

Xabarda ma’lum qilinishicha, britaniyalik mutaxassislar tashrifi Buyuk Britaniya Kengashi tomonidan Future English («Kelajak uchun ingliz tili») maktablarda ingliz tili o‘qitishni takomillashtirish loyihasi doirasida tashkil etilgan. 2019 yilning 15 avgust kuni O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov va Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Reychel Aylend ingliz tili o‘qitilishini isloh qilishga qaratilgan harakatlar rejasi to‘g‘risidagi kelishuv xatini imzolagan.

Future English loyihasi Britaniya Kengashining ta’lim tizimida ingliz tilini o‘rganish va o‘qitishda sifatni ta’minlashga qaratilgan global strategik rejasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, kelgusidagi innovatsiyalarni tatbiq etishga hamda rivojlantirishga turtki bo‘ladigan tadqiqot o‘tkazishni ko‘zda tutadi. Loyihaning asosiy maqsadi - mehnat bozoriga kirib borayotgan yoki oliy ta’lim olishga intilayotgan maktab bitiruvchilarining ingliz tili darajasi bo‘yicha ko‘tarilayotgan va qayta-qayta ta’kidlanayotgan muammolarni tadqiq etish hamda ingliz tilini o‘qitishdagi milliy siyosat va muhim strategiyalarni yaratishda qo‘l keladigan, xalqaro ma’lumotlar standartlari bilan taqqoslanishi mumkin bo‘lgan ishonchli ma’lumotlar tanqisligini bartaraf etishga qaratilgan.

Mazkur loyiha mavjud muammolarni aniq va ishonchli dalillar to‘plagan holda sifatli tadqiqot o‘tkazish hamda natijalardan kelib chiqib, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi va malaka oshirishiga ko‘maklashish orqali hal etishni ko‘zda tutgan. Future English loyiha yo‘nalishi ingliz tilini o‘qitish siyosatini yanada samaraliroq rivojlantirishda foydali bo‘luvchi ma’lumot hamda natijalarni global va mintaqaviy darajada taqqoslash imkonini beradi. Vaqt o‘tishi bilan ma’lumotlarning yangilanib borishi eng so‘nggi tendensiyalarni aniqlash imkonini beradi hamda milliy taraqqiyotda ingliz tilining roli va ta’sirini yaxshiroq tushunishga yordam beradi.

Loyihaning ingliz tilini o‘qitishdagi ehtiyojlarni o‘rganish bilan bog‘liq tadqiqot qismi o‘qituvchilarning malakasini maqsadli oshirish milliy tizimini samarali tashkil etish bilan bog‘liq islohotlarda, ayniqsa, foydali bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida o‘qituvchilarning til o‘rgatish mahorati va kasbiy malakalarini takomillashtirishga va uning natijasida oliy ta’limga hamda mehnat bozoriga kirib borayotgan bitiruvchilarning muhim ko‘nikmalarni egallashlariga, xalqaro mobillik jarayonida faol bo‘lishlariga erishish imkonini beradi.