2018-yilning aprel oyida tashkil etilgan "Buyuk kelajak" o‘zida dunyoning 20 dan ortiq davlatida mehnat qilayotgan 300 dan ziyod asli kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan turli soha mutaxassislarini birlashtirgan bo‘lib, ularning ko‘magi va tavsiyasi asosida O‘zbekistonning rivojlanish yo‘llarini ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Biroq 10 sentyabr kuni tashkilotning bir necha a’zolari uning tarkibidan chiqqanini birin-ketin e’lon qila boshladilar.

Hech qancha vaqt o‘tmay, tashkilotning o‘n nafar sobiq eksperti Facebook’da quyidagicha kollektiv bayonot bilan chiqdi:

"Qadrli do‘stlar, "Buyuk kelajak" xalqaro nodavlat-notijorat tashkiloti tashkil etilganda biz O‘zbekistondagi islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shishimiz uchun imkon yaratilganidan xursand bo‘lgandik. Biz barchamiz O‘zbekistonni 2035-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini yaratish bo‘yicha bir qator loyihalarda ishtirok etdik, ishlab chiqdik, Biz «Buyuk kelajak» xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotining (XNNT) ikkita forumida va boshqa ko‘plab, tadbirlarda onlayn ravishda va shaxsan ishtirok etdik.

Ming afsus bilan tashkilot ichidagi ayrim sabablarga ko‘ra, biz mazkur tashkilot doirasidan chiqamiz, ammo mamlakat taraqqiyoti uchun o‘z hissamizni qo‘shishda davom etamiz.

Imkoniyatdan foydalanib, "Buyuk kelajak" ekspertlari va xodimlariga, xalqaro tashkilotlar, vazirlik va qo‘mitalar vakillariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlariga minnatdorlik bildiramiz."

Ichki nizo

Faoliyati samaradorligiga nisbatan avvaldan ishonchsizlik yuqori bo‘lgan tashkilotda yuzaga kelgan bunday holat aksariyat odamlarni hayron qoldirdi.

Mamlakat kelajagini qurishda ishtirok etishga bel bog‘lagan ekspertlar jamoasi orasida ma’lum ziddiyatlar yuzaga kelgani borasida taxminlar paydo bo‘ldi.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati aloqaga chiqqan ayrim sobiq ekspertlar o‘zlarining tashkilotdan chiqib ketishida ma’lum omillar ro‘y o‘ynagani, ammo «Buyuk Kelajak» rahbariyati vaziyatni rasmiy izohlamaguncha, ular sabablarni oshkor qila olmasliklarini bildirdilar.

Bahrom Ismailov ayrim ekspertlar nega chiqib ketganini aytmagan.

Tashkilot ta’sischilaridan biri bo‘lmish Bahrom Ismailov ham 11-sentyabr kuni Repost.uz nashriga bergan izohida ekspertlarning bir qismi tashkilot tarkibidan chiqib ketgani sabablarini ochiqlamagan.

Bi-bi-si O‘zbek Xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida "Buyuk Kelajak"ning Toshkent ofisi bilan bog‘lanib ko‘rdi.

Ammo go‘shakni ko‘targan tashkilot vakili Bahrom Ismailovning so‘zlariga ishora qilgan holda, bu borada rasmiy bayonot allaqachon matbuotga tarqatilganini ta’kidladi.

Biroq Bi-bi-si O‘zbek Xizmati ixtiyoriga kelib tushgan tashkilot ichki hujjatida Bahrom Ismailovning o‘zi ham 11-sentyabr kuni «Buyuk Kelajak» Muvofiqlashtirish Kengashi qarori bilan Ekspertlar kengashi tarkibidan chiqarib yuborilgani aytiladi.

Xususan, ushbu qarorga asos sifatida Bahrom Ismailov tomonidan yo‘l qo‘yib kelingan tizimli intizomiy qoidabuzarliklar, jumladan, uning tashkilotga tegishli rasmiy va norasmiy Telegram kanallari boshqaruvini Ijro organi ixtiyoriga topshirmaganligi keltiriladi.

Bundan tashqari hujjatda "Ismailov qo‘lida qolayotgan kanallarning legitim emasligi» ta’kidlanib, Ekspertlar kengashi a’zolariga «Ismoilov tomonidan dezinformatsiya harakatlaridan saqlanish maqsadida" mazkur kanallardan chiqib ketish tavsiya etiladi.

Tashkilot Ekspertlar kengashi joriy a’zolaridan biri Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga o‘n nafar ekspertning «Buyuk Kelajak»ni tark etishiga aynan ular va Bahrom Ismailov o‘rtasida mavjud bo‘lgan ichki kelishmovchilik sabab ekanini aytadi.

"O‘ntalik bitta odam bilan kelisha olmadi. Oddiy odamlar qanchalik mayda-chuyda mavzularga o‘ralashib qolgan bo‘lsa, "Buyuk kelajak"da ham shu ahvol. Ekspertlar ham O‘zbekiston SSR, o‘zbek tili masalasi, Ulug‘ Vatan Urushimi yoki Ikki Jahon Urushi kabi masalalarda tortishaverib, oxiri chiqib ketdilar", ma’lum qiladi u.

Biroq Bahrom Ismailovning o‘zi bilan bog‘lanib, bu borada izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Shuningdek, o‘tgan tunda tashkilot ma’lum ekspertlarning o‘z tarkibidan chiqib ketishiga oid bayonot e’lon qilingani va zum o‘tmay, mazkur xabar rasmiy saytdan g‘oyib bo‘lgani ham ma’lum bo‘ldi.

Bayonotning saqlanib qolgan nusxasida «ekspertlarning chiqib ketishiga olib kelgan sabab bartaraf etilgani» va «Buyuk Kelajak» «ichki normalar va qoidalarning buzilishiga toqat qilmaslik siyosatini davom ettirishi» ta’kidlanadi.

O‘zini oqlamagan kutish

"Buyuk kelajak" tashkilotiga nisbatan berilayotgan e’tibor va uning ahamiyati bo‘rttirib yuborilayotganini ta’kidlagan Fransiyada istiqomat qiluvchi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov esa yosh ekspertlarning tashkilotni tark etishi bo‘yicha quyidagi farazlarni ilgari suradi:

"Bu yoshlar tashkilot tarkibiga kirar ekan, ularda ijtimoiy va individual kutish yuqori bo‘lgan. Ularda bu tashkilotga qo‘shilar ekanmiz, u yoki bu yuqori davlat lavozimlari, ijtimoiy mavqeni egallaymiz, degan kutish yuqori bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ular ijtimoiy pillapoyalardan ko‘tarilish, hokimiyat korridorlariga kirib borish [niyatlari] borasida u yoki bu shaklda signal berib kelishar edi. Ya’ni yangi hokimiyatning malakali kadrlarga ehtiyoji yuqori va biz shunday korridor bo‘la olamiz, degan signalni berishgan edi. Menimcha, ma’lum muddat o‘tib, bu kutishlar o‘zini oqlamadi, ularda taajjublanish yuzaga kela boshladi hamda shundan keyin bir qancha a’zolar tashkilotdan chiqib ketdi."

Rabbimov tashkilot ichida guruhiy bo‘linishlar paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qiladi.

"Ichkarida turli fraksiyalar, guruhlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ya’niki kimdir tashkilot rahbariyatiga yaqin bo‘lib, qolganlar jarayonlardan chetga chiqib qolgan bo‘lishi mumkin".

"Yana bir taxmin - ekspertlarga nisbatan qiziqish, ularni jarayonlarga jalb qilish, stol atrofida birlashtirib, fikr olish va rag‘batlantirish darajasi nihoyatda past bo‘lgan bo‘lishi mumkin" - qo‘shimcha qiladi siyosiy tahlilchi.

Shuningdek, Kamoliddin Rabbimov yosh ekspertlar va hukumatda ma’lum o‘rinlarni egallab olgan yoshi katta avlod o‘rtasida ham raqobat yuzaga kelgan bo‘lishi ehtimolini tilga oladi.

"O‘zbekistonda hokimiyat almashgandan so‘ng ayni paytda yosh avlod va katta avlod o‘rtasida kurash ketyapti, deyishimiz mumkin. Katta avlod o‘zining mavqeyi, o‘zi egallab turgan pozitsiyalarni berib qo‘yish niyatida emas".

"Ular ochiq va shaffof raqobatga tayyor emas. Ular biladiki, davlat lavozimlariga saylovlar bo‘ladigan bo‘lsa, yosh avlodga yutqazadilar. Karimov davridan beri hokimiyatni egallab kelayotgan shaxslar bu kabi yoshlar tashkilotlariga salbiy qarash bilan qaraydi. Bu omil ham mavjud".