Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Abdulla Azizov o‘zining Feysbukdagi sahifasida "birinchi marta paxta dalasiga tushib, biroz paxta terib, terim jarayonini" ko‘rganini yozdi.

Shu paytgacha Daniyada axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlab kelgan Azizovni O‘zbekiston prezidenti sentyabr oxirida Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlagandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil iyunida imzolagan "O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida"gi farmoniga binoan, 2018 yil 1 dekabrida Soliq kodeksi tayyor bo‘lishi kerak edi. Kodeksning 2019 yil 1 yanvaridan ishga tushishi kutilgan, ammo kodeks ishlab chiqilmagan.

Uch hafta avval esa Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan Soliq kodeksining yangi tahririning muhokamasi nihoyasiga yetdi. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan kodeks o‘tgan yili qizg‘in noroziliklarga sabab bo‘lishi ortidan faqat bir qismi qabul qilinib, qolgani yana qayta ko‘rib chiqilishi uchun qaytarilgandi.

Ayni damda Soliq kodeksi qabul qilinmay qolar ekan, Davlat soliq xizmati organlari xodimlari paxta terimida ishtirok etdilar.

Rasmiy xabarga ko‘ra, Davlat soliq qo‘mitasining 250 nafardan ziyod xodimlari shanba kuni o‘z tashabbuslari bilan O‘rta Chirchiq tumanidagi "Vohidjon agro" fermer xo‘jaligi maydonidagi paxta terimida ishtirok etdi. Bir kunda 9,3 tonnadan ortiq paxta terilib, faol terimchilarga Qo‘mitaning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yangi tayinlangan rais o‘rinbosari Abdulla Azizov o‘z sahifasida yozishicha, paxtaga chiqishdan maqsad soliq xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, hamda terimni optilmallashtirish va avtomatizatsiyalashtirish edi. Shuningdek, u terimda inson ishtirokini kamaytirishga informatsion texnologiyalar yordamida yechim topish uchun konkurs e’lon qilish g‘oyasi va konkurs yutug‘i 50 000 - 200 000 dollar bo‘lishi mumkinligini e’lon qildi.

Soliqchilarga paxta dalasida nima bor?

Azizovning Feysbukdagi sahifasida izoh qoldirganlarning ba’zilari Soliq qo‘mitasining xodimlari nega paxta terayotgani bilan qiziqqanlar.

Ruzibay Azimiy: Ha, hammasi tushunarli. Qiziqish ayb emas. Ammo xodimlaringiz paxtakor bo‘lmagan holda paxta dalalarida nima bor? Soliq sohasi oyog‘i osmondan bӯlib yotgan bir paytda".

Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarining javobi esa quyidagicha:

Abdulla Azizov: Shanba kuni dam olish bo‘lsa, odamlar qo‘shimcha mablag‘ topsa, davlatning rivojiga hissa qo‘shsa, havo yomon bo‘lishni boshlayapti, shunga tezroq terib olishga hissa qo‘shsa, buning nimasi yomon?

Nargiza Nargis Mukhtarova: Dam olish kuni dam olishi kerak. "Davlat rivoji"da paxtaning hissasi bo‘lganida 27 yilda + 50 yil SSSRda rivojlangan bo‘lardi. Qaysi xodim xohlayapti buni? Qo‘llab-quvvatlamasdan, "borishmaydi, bularning ishimas paxta terish yoki ko‘cha supurish" deganingizda va bunaqa insonlar ko‘payganida nimadir ham o‘zgaradi sistemada. Xalqning yonida bo‘ling, aka, byurokratlarning, hokimlarning og‘zidagi gaplarni gapirmang".

Anvarjon Musaev: Bizga chetda ishlab tajriba orttirgan yosh kadrlarni olib kelib, eski tizimni o‘zgartirishga harakat qilishyaptiyu lekin o‘sha kadrlar eski tizim ta’siriga tushib qolyaptimi deyman. Paxta va davlat soliq politikasini umuman bir-biriga aloqador joyini ko‘rmayapman. Va albatta oxirgi tanqidiy fikrim soliq tizimiyam huddi shu paxta terish tizimidan battar bo‘p yotipti, sizni soliqchi sifatida tanishtirishdimi, demak o‘sha sohadagi innovatsion, ijobiy o‘zgarish qila oladigan fikrlaringizni kutyapmiz. Paxta terishni, qishloq xo‘jaligi vazirligiga qo‘yib beravering, o‘zlari amallashadi. Har kim o‘z ishini qilgani ma’qul.

Ba’zi izoh mualliflari esa majburiy mehnat va fermerlarning erkin emasli masalalarini eslatdilar.

Abdulla Azizov ba’zi takliflarga kinoya bilan javob qaytardi
Foto: FACEBOOK/ABDULLA AZIZOV

Dexkonboy Alikulov: Qishloq xo‘jaligini to‘liq erkinlashtirish lozim,bu eng birinchi sharti. Majburiylik bu qullik ko‘rinishidir. Bu sohada yangilik o‘ylash shart emas, chet davlatlar qishloq xo‘jaligi tizimini o‘rganish kerak, ularda hammasi yo‘lga qo‘yilgan. Suv ta’minoti, o‘g‘it ta’minoti, texnika ta’minotida ko‘plab to‘siqlar, majburiyliklar bor, hammasi fermerga qarshi, ularning shartlari sindiradi fermerlarni.

Abdulla Azizov ba’zi izohlar mualliflarini masala yechimi uchun o‘z takliflari bilan chiqishga va "divanda o‘tirib" fikr bildirmaslikka chaqiradi.

"Man istagan yechim, bu har taraflama bo‘lishi kerak. Bir narsadan boshlamasak, qilish kerak, yurish kerak, turish kerak, davlat hammasiga aybdor, man serial ko‘rishim kerak, amerikani ehtiro qilmaylik, suv yo‘q, u yomon, bu yomon, man yaxshi, hamma yomon deb o‘tirishdan bosh chiqmay qolayapti. Maqsadim odamlarni uyg‘otish, pozitivniy bo‘lish va oldinga qadam tashlash", - deb yozadi yangi tayinlangan davlat rasmiysi.

O‘zbekiston paxta mavsumidagi majburiy mehnat, xususan byudjet idoralari xodimlarining majburan paxta terimiga olib chiqilishi, yoki o‘zi chiqmagan holda ishchi yollab unga ish haqini o‘z yonidan to‘lashi xalqaro tashkilotlar tomonidan yillar osha tanqid qilib kelinadi.

Paxtadan tushadigan daromadning shaffof emasligi, fermerlarda uni ekish yoki ekmaslik borasida tanlovning yo‘qligi, paxta yetishtirishning tabiatga salbiy ta’siri ham qator xalqaro hisobotlarda keng yoritilgan.

Mirziyoyev: Menga paxta kerak emas!

Prezident Mirziyoyev davlat tepasiga kelgach, paxta yetishtirish ko‘lamini kamaytirib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari turfaxilligini ta’minlashini aytgandi.

O‘tgan yil Qashqadaryodagi chiqishida u paxta rejasi to‘lishi uchun uchun muhim emasligini urg‘ulagandi.

"Paxta menga kerakmas. Menga paxtani bajarganlaring kerak emas. Odamlarni rozi qilish kerak. Kecha borganim paxta qabul qilish punktiniyam sotamiz, paxtaniyam o‘zlari qilishadi. Paxtani kalava qilib sotish kerakmas, bunaqa rahbar bo‘lmang. Bunga ruxsat bermayman. Kalava qilish eng og‘ir ish. Biz shunga o‘rganib olgandik. Qo‘shimcha qiymat qilib Xitoyga sotardik", - dedi u.

Soliq qo‘mitasi xodimlari dalada
Foto: FACEBOOK/ABDULLA AZIZOV

Mirziyoyev Qashqadaryonining qator tumanlarida dehqon xo‘jaliklari va tomorqalarga uzum, tarvuz, no‘xat, mosh, loviya, kunjut kabi bozorbop mahsulotlar ekish odamlarga ish, qo‘shimcha daromad bo‘lishini ta’kidladi.

"Mana Bangladeshni qaranglar. Bu davlat bir gektar ham paxta ekmaydi. Lekin paxta mahsulotidan 37 milliard dollarlik eksport qiladi. Hindistondan sifatsiz paxtani olib, O‘zbekiston paxtasi bilan aralashtirib, 37 milliard dollarlik mahsulot eksport qilmoqda", - dedi prezident.

Meritokratiya?

Ayni damda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, quyidagilar davlat xizmatini yanada takomillashtirish va isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari deb hisoblanadi:

eng munosib va qobiliyatli shaxslarni ularning kasbiy fazilatlari va alohida xizmatlariga adolatli hamda ob’yektiv baho berish asosida davlat xizmatiga qabul qilishni nazarda tutadigan meritokratiya prinsipini qo‘llash;

davlat xizmatida «mansab modeli»ni joriy etish, bunda mansab darajalaridan bosqichma-bosqich o‘tish, kadrlar malakasini muntazam oshirib borish, shuningdek, davlat xizmatchilarining toifalari va ularga malaka darajalari berish nazarda tutiladi;

davlat xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish, bu nomzodning barcha ustunliklari va afzalliklarini, shu jumladan uning axloqiy va vatanparvarlik fazilatlarini xolisona baholash imkonini beradi;

Prezident farmonida davlat mansablariga nomzodlarning "vatanparvarlik fazilatlari" urg‘ulansa-da, ularning erkin fikr yuritish qobiliyati yoki majburiy mehnat kabi mavjud muammolarni bartaraf qilishga ishtiyoqi tilga olinmaydi.