Shov-shuvli audioyozuv ortidan, Senat Reglament va odob komissiyasi bugungi favqulodda yig‘inida unga uch oylik muhlat bergan.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev qat’iy ogohlantirildi - u aybini tan olgan, qizishib ketgani, har qanday jazoga loyiq ekanini aytgan, o‘zini bir marta kechirishlarini so‘ragan.

Senator Shuhrat G‘aniyev kecha Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga imkonli bo‘lgan audio chiqishida viloyatdagi ish joylarida namoz o‘qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa o‘sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini ma’lum qilgan.

U, shuningdek, uning oldida kim bo‘lishidan qat’iy nazar ro‘mol o‘rab olgan ayolga ko‘zi tushsa uning ro‘molini o‘sha tuman hokimi og‘ziga tiqib qo‘yish bilan tahdid qilgan.

Hokim hijob madaniyatiga rioya etmayotgan ayollar aniqlanib, 300 nafarining tashqi qiyofasi o‘zgartirilganini hisobot bergan.

Farg‘ona viloyat hokimi viloyatga kelgan mehmonlarning ham soqolini olishni talab qilgan.

Shuningdek, u Marg‘ilonda lozim , yaktak va boshiga do‘ppi kiyib yotgan bemorni kiyimi uchun shifoxonadan chiqarib yuborganini aytib maqtangandi.

Toshkentdagi muxbirimiz Avaz Tohirovning xabar berishicha, ayni hodisa yuzasidan qator senatorlar chiqish qilishgan. Farg‘ona viloyat hokimini qattiq qoralashgan.

Ulardan so‘ng so‘z olgan Farg‘ona viloyat hokimi, "Men har qanday jazoga tayyorman! Mening avlodim, ota-onam milliy liboslar kiyadi. Men aybdorman. Aybimni tan olaman. Ming bor uzr!", - deya uzrxohlik qilgan.

Ammo xalq, jamoatchilik emas, yig‘inda hozir senator, sirtdan prezidentdan kechirim so‘ragan.

Foto: Kun.uz

Shuhrat G‘aniyevga qat’iy ogohlantirish va uch oylik sinov muddati berish taklifi Senat raisi Tanzila Norboyevadan chiqqan. Hamda senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Senat raisi, o‘z navbatida, "Rahbarman, deb chegaradan chiqish, odob-axloq qoidasiga rioya qilmaslik, o‘zidan past turgan xodimlarni haqoratlash, "Men hamma narsani qilaveraman", degan dunyoqarash noto‘g‘ri", deya hokimning qilgan ishini qoralagan.

Audioyozuv ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida keskin aks-sado bergan, birgina postning o‘zi yuzlab komentlarga sabab bo‘lgan, aksariyat o‘zbekzabon internet foydalanuvchilari Farg‘ona viloyat hokimining iste’fosini talab qilishgan.

Senat Reglament va odob komissiyasi favqulodda yig‘iniga oid xabar kiber fazodagi shu kabi qizg‘in bahsu munozaralar manzarasida kuzatilgan.

Tanzila Norboyeva bundan bir necha soat avval o‘zining Facebook dagi akkauntida chop etgan postida komissiya favqulodda yig‘inining senator Shuhrat G‘aniyevning nutqi bergan salbiy aks-sadoga bog‘liq ekanini e’tirof etgan.

"Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuxrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi 2 kundan buyon jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilib kelinmokda. Muhokamalar jarayonida Sh.G‘aniyevning xatti-harakatlari keng omma orasida salbiy e’tirozlarga sabab bo‘lmokda. Shu munosabat bilan ushbu holat yuzasidan bugun Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qilaman", - deb yozgan.

Hali yig‘in arafasidayoq viloyat hokimiga ko‘rilajak jazoning qariyb xuddi shu tariqa bo‘lishiga oid fikrlar ham turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida bo‘y ko‘rsatib ulgurgan.

Bugungi xabar ortidan, "Senat bu odamni senatorlik masalasini ko‘rib chiqdi... lekin hokimlik masalasini kim ko‘rib chiqadi...?!", - deya savol qo‘yayotgan o‘zbekistonliklar soni kam emasligi ham ko‘rilgan.

Shuhrat G‘aniyev prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaqinda davlat mukofoti bilan taqdirlangan sanoqli viloyat hokimlaridan biri bo‘ladi.

O‘zbekiston rahbari uni "Mehnat shuhrati" ordeniga munosib ko‘rgan.

Mazkur yangilik Farg‘ona viloyat hokimining 10 mingdan ortiq byudjet xodimlari majburiy mehnatga safarbar etilgan Rishton tumaniga borib kechirim so‘rashidan kun o‘tib bo‘y ko‘rsatgan.

Xuddi shu bois, bu xabar ham aksariyat o‘zbekistonliklarning taajjub, tushunmovchilik, istehzo va kinoyalariga sabab bo‘lmay qolmagandi.

Audioyozuv bilan bog‘liq so‘nggi yangilik manzarasida esa, xuddi shu voqe’likka e’tibor qaratgan o‘zbekzabon internet foydalanuvchilarining sonlari ham ozmuncha bo‘lmagan.

Ular o‘z komentlarida izoh so‘rab, sirtdan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qilishgan. Hatto, shunda ham, qoldirgan komentlarida hafsalalari pir ekanligi anglashilgan.

"Mehnat shuhrati" ordeni bilan esa, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonda iqtisodiyot va madaniyat yuksalishiga, xalq farovonligi oshishiga, tinchlik va barqarorlik saqlanishiga xizmat qiladigan ulkan ishlari uchun mukofotlanadilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning saylanishlariga oid va’dasiga qaramay, hokimlar bu lavozimga halicha uning o‘zi tomonidan tayinlanishadi.

Mirziyoyev o‘tgan oy oxirida snoslar bilan bog‘liq mojarolar manzarasida Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hokimlari qatorida Farg‘onanikini ham "do‘stlikka xiyonat va siyosatga dushmanlik qilgan"likda tanqid qilgan. O‘zi ishongan hokimlar unga "katta dushmanlik" qilganini aytgan.

"Aripov bilan Nizomiddinovga topshiriq, qaysi viloyat hokimini ishdan olishni taklif bering. Menga kerak emas! Yana bir marta aytayapman, bu siyosat bilan biz uzoqqa bora olmaymiz — zo‘ravonlik siyosati bilan! Agar zo‘ravonlik siyosati zo‘r bo‘lganda, 30 yilda zo‘r bo‘lib ketardik", deya ta’kidlagan.

Biroq blogerlar hali o‘shandayoq hokimlar tanqiddan xulosa chiqarmadi, degan xulosaga kelishgandi.

Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning, ta’bir joiz, hisobot nutqiga O‘zbekiston Musulmonlari idorasining biror bir shakldagi munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Boshqa tomondan, audioyozuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson xuquqlari kengashining sud va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha Maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsia-Sayana boshchiligidagi delegatsiyaning Farg‘ona viloyatiga tashrifidan qisqa vaqt o‘tmay bo‘y ko‘rsatgan.

Bi-bi-siga yetib kelgan audio faylda Farg‘ona viloyat hokimi o‘tayotgan haftaning boshida o‘tkazgan selektor yig‘ilishi ovozi saqlangan.

Unda Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi diniy holat, odamlarning soqol qo‘yishi va ayollarning ro‘mol o‘rashiga qo‘yilishi kerak bo‘lgan taqiqlar haqida gapiradi.

U Quva tumanida qo‘shma korxona ochgan turkiyalik sarmoyadorga soqolini olish haqida gapirganini aytgan.

"Men aytdim, yaxshi qo‘shma korxona ochibsizlar rahmat. Lekin bunaqa soqolni qo‘yib olmanglar. Chet ellik mehmon, lekin bu shu yerda faoliyat yuritib tirikchilik qiladigan bo‘lsa, O‘zbekiston qonunlariga bo‘ysinishga majbur bo‘ladi va soqolini olamiz biz. Turkiya respublikasi fuqarosini. Shunday dedimmi?", deydi u Quva tumani hokimiga

Quva tumani hokimi viloyat hokimining gapini tasdiqlagan va undan so‘ng o‘zlari yana gaplashib olganini ta’kidlaydi.

Viloyat hokimi ikki kun oldin Marg‘ilon shahrida "Ipakchi" bozorida avtoturorgohni boshqarayotgan tadbirkorning soqolini qanday oldirganini gapirgan.

"Katta avtostoyankani bittasi boshqaryapti. Soqolni qo‘yib olgan. Boshiga shialarning do‘ppisini kiyib olgan. Avtostoyankada turibdi. Shaharni hokimini chaqirdim. Gapir nima bo‘lganini", deydi Shuhrat G‘aniyev.

Shunda Marg‘ilon shahar hokimi turib soqolli erkakka tushuntirib, soqolini olishgani haqida hisobot beradi.

- O‘sha "Ipakchi" bozori rahbarini almashtirishing kerak edi o‘sha kuni. Nimaga olmading. Olib tashlang uni bozordan. Padariga la’natni o‘zini olib kirib tiqib tashlang, deydi Shuhrat G‘aniyev.

Hokimga ko‘ra, Farg‘ona viloyat hududidagi bozor-savdo komplekslarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarning, taksi haydovchilarning tashqi qiyofasi, hududdagi tashqi reklama bannerlariga hudud mutasaddilari, hokimlar yetarli darajada e’tibor qaratmayapti.

"Masalan, transport boshqarmasi, yo‘l tashkiloti uyushmalari, Farg‘onagazta’minot, Madaniyat boshqarmasi, Yer-mulk kadastr xizmati, Qo‘qon Pedagogika instituti. Tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali, Farg‘ona shahar tomonidan ichki tartib qoidalar ishlab chiqilmagan".

Viloyat hokimi kunlik ma’lumotlarga asosan Rishton tumani Bo‘ston qishlog‘ining "Baraka" bozorida diniy adabiyotlar bilan shug‘ullanayotgan savdo shohobchalarining mavjudligi aniqlanganini aytgan.

Unga ko‘ra, tadbir davomida ruxsat etilmagan, maxsus gologrammasiz diniy adabiyotlar savdosi bilan shug‘ullanayotgan 3 nafar shaxslar aniqlanib, ulardan 190 dona davlat to‘ntarishi qiladigan kitoblar musodara qilindi.

"Rishtondagi nomardlar, shunaqa kitoblar tarqatasan urug‘ingga o‘t tushib ketsin sen Rishtondagi... Urug‘ingga o‘t tushib ketadi sen nomardlarni. Qani tur, hov Rishtonning hokimi?", -deya tuman hokimiga dakki bergan G‘aniyev.

U Mahalla raisi hammasini ishdan olib tashlashni va ularni 5 sutkaga qamashni buyurgan.

"Ichki ishlar va sudyalarni ham chaqirib, hurmatli hokim. Mahalla fuqarolar raisini ham besh sutkaga jarima qilib qamaysizlar. Bunaqa mahalla raisi ham kerakmas, posponi ham kerakmas. Rishtonning xotin-qizlar qo‘mitasini ishdan olib tashlanglar".

U prokurorga kitob sotishda ayblanayotgan 3 nafar ayolning hammasidan tushuntirish xati olib, jarima solishni aytgan.

Hokim o‘z ma’ruzasida qandaydir qaror ijrosi to‘g‘risida ham gapirgan.

Bi-bi-si ushbu qarorning mazmuni va kim chiqargani to‘g‘risida ma’lumot ololgani yo‘q.

"Qaror ijrosi yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida 1249 nafar fuqarolarning beo‘xshov soqol qo‘yish holatlari aniqlandi. Qarordan to‘g‘ri xulosa chiqarildi. Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon shaharlarida Farg‘ona, Buvayda tumanlarida beo‘xshov soqol qo‘yish holatlari keng avj olgan", deydi hokim.

Viloyat hokimi xotin-qizlar orasida kiyinish, ro‘mol, hijob madaniyatiga rioya etmayotgan jami 851 nafar xotin qizlar aniqlanganini aytdi.

"Ularda tushuntirish ishlari olib borilib 300 tasining tashqi qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘zgartirishga erishildi", deya hisobot beradi hokim.

U Farg‘onadagi ayollarning turk va arab kiyimlarini kiyyotganini ham tanqid qilgan.

Yana ba’zi bir holatlar bor bizda, xotin-qizlarning o‘rtasida arab, turk va boshqa millat vakillarining milliy liboslariga taqlid qilish masalasi ekan, deydi u.

U viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisiini bu qanaqa kiyimlar ekanligi haqida so‘raydi.

"Umumiy gaplarni gapirmang, nima kiyyapti u, qanaqa kiyim kiyyapti. Qayerdan olib kelyapti o‘sha kiyimni. Savdoda sotayotgan bo‘lsa, nimaga o‘sha savdoda sotayotganni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi bilan kiyinish libosiga qonunni buzgan, deb menga ro‘yxatini olib kelib bering" deydi G‘aniyev.

U Qosimovadan bu kabi kiyimlarni sotayotganlarning ro‘yxatini olib kelib berishni talab qilgan.

"Arabning kiyimi ham bizga to‘g‘ri kelmaydi, turknikiyam to‘g‘ri kelmaydi, Suriyaniiki ham to‘g‘ri kelmaydi. O‘zbekistonning o‘zini libosi bor. Ular bizdan o‘rgangan kiyinish madaniyatini, lekin ularniki keyin buzilib ketgan".

Viloyat hokimi uning taqiqlashiga qaramasdan u yuborgan joylarga ro‘molli jurnalistni qo‘yishganiga dakki bergan.

Bi-bi-sining aniqlashicha, gap viloyat televideniyesi ishlaydigan ro‘molli jurnalist haqida bormoqda.

Viloyat hokimiga jurnalistning O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha eksperti Diyego Garsiya-Sayanni kutib olish uchun aeroportga ro‘mol va rangli ko‘ylakda chiqqani yoqmagan.

Ayol o‘sha kuni BMT ma’ruzachisi kelguncha kasbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilinib, aeroportdan ketkazilgan.

"Men kecha bitta jurnalistni haydab yuborsam, bugun yana o‘sha jurnalistni mani avtobusimda olib yurishgan. Haydavorsam, Tadbirkorlar bilan avtobusda olib yurishibdi, ayol kishini. Yana olib yurishibdi. Munday qilib kirib keladi, lippanglab", deya o‘z noroziligini e’lon qilgan hokim.

Shundan so‘ng tuman hokimlariga ro‘mol o‘ragan ayollar borasida ogohlantirish beradi

"Hurmatli hokimlar eshitib olinglar. Birortang majlis qilsang, man borsam o‘sha kiyimda o‘tirgan ayol kishini ko‘rsam. Mahalla raisimi u, o‘qituvchimi u, jamoatchimi u, deputatmi u o‘sha ro‘molini olib og‘zingga tiqib qo‘yaman", deydi Shuhrat G‘aniyev.

U ushbu so‘zlarini hokim va hokim o‘rinbosarlariga yozib olishni buyurgan.

Viloyat hokimi tashqi reklamalarda unga yoqmagan jihatlarni ham sanab o‘tgan.

U nafaqat ro‘molli, soqolli, balki shimlari yirtilgan reklamalarni ham tanqid qilgan.

"Zamonaviy kiyimlarni reklama qilishga mo‘ljallangan reklama bannerlari va plakatlarda milliy qadriyatlarimizga xos bo‘lmagan tashqi ko‘rinishda, soqol bilan, hijobda turli joylari yirtilgan yoki yamoq solingan. Yo bo‘yniga allambalo temirlar taqqan shaxslar aks ettirilgan reklamalar ketyapti".

U viloyatdagi tashqi reklama bilan shug‘ullanadigan uch firmagan 300 milliondan so‘mdan jarima solish topshirig‘ini bergan.

"Hozir uchchovini chaqirasan-da, tushuntirish xati olib, uchchala tashkilot har biri 300 milliondan 900 million so‘m jarima solasan. Qonuniy jarima solasan", deydi viloyat hokimi.

U mas’ul shaxsga bozorlardagi tadbirkor, do‘kondor - hammadan tilxat olishni buyurgan.

"O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan: yurish, turish, kiyinish, ovqatlanish, yashash, oila qurish, farzand ko‘rish, farzand tarbiyalash, hayot kechirish tadbirlar o‘tkizish qonunlar bor. O‘sha qonunlardan chiqmaslik kerak. Tamom", deya qat’iy fikr bildiradi hokim.

U bu kabi odamlarni olib kirib qamashni tavsiya qiladi.

"Olib kirib qamash kerak bularni. Yo bozorga sartarosh olib borib bittadan yurib sochini olib, soqolini olib boshiga O‘zbekiston Respublikasi milliy qadriyatlariga mos bo‘lgan qalampir nusxa do‘ppiini kiygizib qo‘yaylikmi? Nimaga hech kim indamaydi?", deya o‘tirganlarga yuzlanadi u.

U muammolardan shikoyat qiluvchilarga ham alohida to‘xtalgan.

"Vatan ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shishning o‘rniga olib borilayotgan davlat islohotlarini muhokama qilib, davlat islohotlariga g‘iybat qilib, ularning tub mohiyatini tushunib yetmasdan, yurtimizni jahon hamjamiyati oldida qoralash maqsadida g‘ayri ishlar bilan shug‘ullanayotgan shaxslarda bo‘xton ma’lumotlar yetkazish urfga aylandi. Pulning evaziga".

Viloyat hokimi Facebook ijtimoiy tarmog‘iga kiruvchilarning taqdiri qanday bo‘lishi mumkinligini bashorat qilgan.

"Oldin Feysbukka kiradi, Feysbukdan keyin "Tablig‘i jamoat" deganiga o‘tadi. "Tablig‘i jamoat" degani, jamoat bo‘lib yashash deydi. Erkak erkak bilan yashaydi. Uning hech qanaqangi Islomga, muqaddas dinimizga aloqasi yo‘q uning. Ular gazandalar. Undan keyin anunga o‘tadi, "Jabhat an Nusratiya" degani bor, pa’daringga la’nat", deydi u.

Saylovda kim deputat bo‘ladi?

Shuhrat G‘aniyev yaqinlashib kelayotgan parlament saylovlarida kimlar deputat bo‘lishi mumkinligiga ishora bergan.

"4 kundan keyin saylovlar turibdi. Saylovlarda ham kim deputat bo‘ladi? Mana shu masalalarda o‘zini ko‘rsatgan odamlar deputat bo‘ladi".

Saylov bo‘yicha O‘zbekiston qonunlarida viloyat hokimlarining saylovga ta’sir o‘tkazishi mumkinligi ko‘rsatilmagan.

Hokim qaysi maktablarga ko‘mak berishini ham aytgan.

"Kimning maktabiga borib yordam beramiz biz, obodonchilik, bunyodkorlik qilib, ko‘klarga ko‘tarib, davlat mukofotlariga tavsiya qilib? Shu maktabda berilayotgan ta’lim tarbiya, shu maktabda bo‘layotgan holatlarni sodir etmagan maktablarga, bog‘chalarga, Oliy o‘quv yurtlariga e’tibor beramiz biz. Shuning uchun hamma o‘ziga xulosa qilib olsin".

Shuhrat G‘aniyev bir necha kun oldin Marg‘ilon shahridagi shifoxonalarning birida oq yaktak-ishton va oq do‘ppi kiyib olgan bemorni qanday qilib quvib solganini aytib bergan yig‘ilganlarga.

"Bolnitsada nima haqqi bor, oq ishton, oq lozim kiyib olib boshida oq do‘ppi kiyib olib yotishini.. Nima haqqi bor? Shifoxonaga ko‘rganlar kelsa, Marg‘ilonda, bittasi yotibdi".

Hokim 47 yoshli bemorga bu milliy kiyimlarni kiyish nega mumkin emasligini quyidagicha izohlagan.

"Mandan 5 yosh kichkina ekansiz-ku, dedim. Bu nima kiyim? Nechi kun bo‘ldi, bu kiyimni kiyganingizga, ishton bilan ko‘ylakni, dedim. 4 kun bo‘ldi, dedi. Nima bu kiyinish, ichkari ko‘rinib yotibdi-ku. Sizga kirib ukol qilayotgan ayol birovning ayoli, nima haqqingiz bor ko‘rsatishga, dedim. Sasib yotibsiz-ku, dedim. Tur, chiqarib haydavor, dedim. Bolnitsadan chiqartirib yubordim. Ustingdan yozaman, palon piston. Yozsang yozavur dedim" deydi u.

Viloyat hokimi chaqaloqqa "to‘g‘ri" ism qo‘ymayotgan ota-onalarni ham tilga olgan. Ularning orasida Messi va Ronaldular ham bor.

"Chaqaloqlarga buyuk ajdolarimiz ismlarini qo‘yish o‘rniga, bolalarga, yangi tug‘ilgan go‘daklarga boshqa millat vakillarining, terroristik tashkilot rahbarlarining ismini qo‘yish holatlari - bu fakt. Usoma degan ot qo‘ygan. Mujohid degan ot qo‘ygan. Foruq degan ot qo‘ygan. Messi degan ot qo‘ygan, Ronaldu degan ot qo‘ygan".

Tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma beradigan tashkilotlardan bu ismlarni o‘sha vaqti o‘zgartirish talabini qo‘ydi hokim.

"Sartaroshxonadan chiqyapti bolalar, Sochi butunlay boshqacha qilingan. O‘zbek odamning, mo‘min-musulmon odamning sochi emas. Boladan so‘rayapmiz mana. Kimning sochi bu? Bu Rossiyada, Sankt Peterburgda shunaqa soch qo‘yishadi, deydi".

Hokim o‘zi ko‘rgan soch turmagining Gollandiyadagi geylarga oid ekanligini tushuntirib bergan.

"Vaholanki, u sochning pricheskasi besoqolbozlar qo‘yadigan Gollandiyadagi pricheska. Agar boshida, o‘rtasida soch qolib ayollarnikiga o‘xshab turmaklanmagan bo‘lsa, o‘ralmagan bo‘lsa, u erkagi bo‘ladi. Agar erkak kishi bo‘lsa, sochini turmaklab olsa u ayol hisoblanadi. Padaringga la’nat."

Hokim o‘z o‘rnida sobiq Ittifoqni ham eslab o‘tgan.

Unga ko‘ra u vaqtda oddiy holatlar uchun ham odamlar tergovga jalb qilingan.

"Davlat idorasida ishlab turib Juma namozi, hayit namoziga borganlar tergovga jalb qilinib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hozir bizning viloyatimizda 198 ta masjid faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, unda Farg‘ona viloyatida bor yo‘g‘i 6 ta masjid faoliyat yuritgan. Bu nima - to‘qlikka sho‘xlikmi?", deydi u.

Hokim viloyatdagi diniy ulamolar va imomlarni bu haqda gapirishga targ‘ib qiladi.

"Nimaga indamaydi olimu ulamolarimiz? Gapirsa o‘lib qoladimi? Buvaydani imomi gapirsa o‘lib qoladimi? Bitta narsani esdan chiqarmanglar. Mamlakatimiz konstitutsiyaviy, demokratik davlat. Bizning mamlakatimizda din davlatdan ajratilgan. Dunyoviy davlat".

Hokimga ko‘ra, jahonda 260 davlat bo‘lsa hammasiyam dunyoviy davlat emas.

"Dunyoviy davlat bo‘lish juda qiyin. Dunyoviy davlat degani hamma teng huquqli degani. Lekin buni buzib ko‘rsatish hozir jinoiy javobgarlikka tortiladi", - deydi G‘aniyev.

Shuhrat G‘aniyev viloyatdagi hujralarda diniy ta’lim olishni ham qoralagan.

"Bolalarni jinniga aylantiryapti", deydi u hujralar to‘g‘risida gapirarkan.

Masjidda hokimlik vakillari obro‘sizlantirilganmi?

Viloyat hokimi o‘z ma’ruzasida ayrim masjidlarni ham keskin tanqid qilgan. U yerda hokimlik vakillarini obro‘sizlantirish amalga oshirilganini aytgan.

"Yana ba’zi bir holatlarda masjidlarda hokimiyat, huquq tartibot idoralari tomonidan hozirgi kunda muvofiqlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bepisand qarab, hokimiyat vakillarini obro‘sizlantirish masalalariga e’tibor berilgan".

G‘aniyev ana shunday masjidlar sirasida Dang‘ara tumanidagi Said Ahmadxon Hoji masjidi, Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidlarii sanab o‘tib ularni yopishga topshiriq bergan.

"Uchko‘prik tumanidagi Xo‘ja Muhammad Vale masjidi, Oltiariq tumanidagi Shohi Tolib masjidi shu tuman hokimlari shu masjidlarning imomi, noibi, mutavallisi, balosimi baddari hammasini haydavor" deydi u.

Hokimga ko‘ra bu masjidlarda mansabdar shaxslar ustidan ariza yozish bilan shug‘ullangan.

"Diniy vaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha mahalliy hokimiyat idoralari olib borayotgan tadbirlarni obro‘sizlantirib, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mansabdor shaxslar ustidan noqonuniy arizalar tashkil etish bilan shug‘ullangan", deydi G‘aniyev.

Viloyat hokimi, shuningdek, shar’iy nikoh o‘qigan imomlarni ham qoralagan.

"Imomlarimiz Yaratgan tomonidan berilgan yo‘llarni moddiy manfaatdorlikda foydalanishyapti. Xususan, noqonuniy shar’iy nikoh o‘qish holatlari kuzatilyotgani bor haqiqat".

U Qo‘shtepa tumanidagi Nuqron masjidi imom xatibi, Farg‘ona tumanidagi Damko‘l masjidi imom xatibi va imom noiblari noqonuniy nikoh o‘qigan, degan.

"Hozir Nuqronning ham o‘sha imomini olib borib qamaysan, Farg‘ona tumani Damko‘lning imomini ham olib borib qamaysan ey, ikkala hokim. O‘zing borib qamatasan hozir. Eshitdingmi ey gapimni Farg‘ona tuman hokimi?", deydi Shuhrat G‘aniyev.

Viloyat hokimi yaqin o‘tgan kunlarda targ‘ibot bilan shug‘ullangan 39 nafar farg‘onalik jinoiy javobgarlikka tortilish uchun hibsga olinganini ma’lum qilgan

U hokimlarga xulosa qilishni so‘ragan.

"Agar birorta maktabda, birorta shifoxonada, davlat idoralarida u kim bo‘lishidan qat’iy nazar. Xalqaro tashkilotlarda, ishlab chiqarish joylarida noqonuniy namozxona tashkil qilib bersalaring jinoiy javobgarlikka tortilasizlar. Yo mumkinmi u qonunda prokuror?", deya prokurordan so‘ragan u.

Viloyat hokimi G‘aniyevning ta’kidlashicha, hokimiyat, bank, maktab, soliq idoralarida namoz o‘qiydigan xona tashkil qilib, O‘zbekiston Republikasi qonunlarini buzgan shaxslar qonun bilan jazolanadi.

"Bu degani G‘aniyev ateist bo‘lib ketibdi, u bo‘p ketibdi degan gap emas. Katta xolangni ko‘rasan hammang. 90 yillarni bir eslab ko‘rsin. Hokimiyatda ishlagan odamlar qolmasdan qochib ketgan", deydi u.

Hokimga ko‘ra viloyatda juda katta ishchi guruhi ishlayapti.

"Qaysi shahar yo tumanda, agar davlat tashkiloti rahbarlari, ularning xodimlari qonun buzadigan bo‘lsa. Masalan, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida agar bitta noqonuniy soqol qo‘ygan odamni topsang Farg‘ona neftni qayta ishlash korxonasi rahbari va o‘sha kasaba uyushmasi rahbari ikkalasi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Farg‘ona shahar hokimi eshityapsizmi? Agar xulosa qilinmaydigan bo‘lsa yaxshilikka olib kelinmaydi", deydi u.

Ushbu majlisda qatnashgan Bi-bi-si manbasi hokimning aytgan gaplarini tasdiqladi.

Undan viloyat hokimiga ushbu ko‘rsatma yuqoridan - Prezidentdan tushgani yoki o‘zining tashabbusimi degan savol berilganda, Bi-bi-si manbasi viloyat hokimining o‘z tashabbusi , deb tushunishini aytdi.

Farg‘ona viloyat hokimligida ayni davda matbuot kotibining o‘rni bo‘sh bo‘lgani uchun izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Bi-bi-si viloyat hokimiligining ham munosabati uchun ochiqligini ma’lum qiladi.