O‘zbekistonda bu yilgi paxta mavsumi viloyat hokimlari orasida fermer va terimchilarga mashina sovg‘a qilish bo‘yicha bir navi musobaqa ko‘rinishini olgan.

O‘tgan yillarda majburiy mehnat evaziga davlat rejasini uddalab kelgan hokimlar endi terimchilarni rag‘batlantirish yo‘liga o‘tgan.

Oxirgi bir oyda Andijon viloyat hokimining matbuot xizmati Shuhrat Abdurahmonov birin-ketin to‘rt kishiga avtomashina sovg‘a qilgani haqida xabar tarqatdi.

Bunga qadar faqat so‘kong‘ichligi, vazirlarni mensimasligi va uy buzishlar bilan nom chiqargan Andijon viloyat hokimining sahovatpeshaligi ijtimoiy tarmoqlarda havas va ehtimolki, yaxshi ma’nodagi hasad hislarini ham uyg‘otgan.

"Anjanni shepi har kuni bir odamga moshin sovg‘a qilyapti... Zavod o‘zimizda deb sovg‘a qilaverishsa jaaa alam qilasan ekan kishi!)))Farg‘onadayam Mersedes chiqaradigan zavod qurilib qolar))" deb yozgan pechkachi Dima Qayum Feysbukda.

Ammo Shuhrat Abdurahmonovning farg‘onalik adashi va hamkasbi Shuhrat G‘aniyev ham uzoq kuttirmadi.

Avvalroq blogerlarning qahriga uchragan Farg‘ona hokimi qo‘shtepalik klaster rahbarining onasiga birato‘la Malibu sovg‘a qilib yubordi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari faqat Malibuga emas, balki onaxonning o‘zbekona ro‘mol o‘raganiga ham e’tibor qaratdilar va "Shuhrat G‘aniyev bir o‘q bilan ikkita quyonni urdi", qabilidagi izohlar ham yozildi.

Hokim hali o‘tgan hafta ro‘mol o‘ragan ayolni haqoratlagani uchun Senat tomonidan qat’iy ogohlantirilgani va lavozimidan ayrilishiga bir bahya qolgani inobatga olinsa, bu kabi farazlarning urchishi tabiiy edi.

Ammo hokimning tajribali matbuot kotibi Muhammadjon Obidovning aytishicha, buning "piarga aloqasi yo‘q".

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shtepa bu yil respublikada birinchi bo‘lib davlatga paxta topshirish rejasini bajargan, klaster rahbari Mo‘minjon Razzoqov esa mo‘l-ko‘l hosil yetishtirgan.

"U tumanda shu kunlarda paxtani qayta ishlash korxonasini qurmoqda, kelasi yil 50 million dollar sarmoya sarflab, to‘qimachilik korxonasini qurish rejalari bor, aniqrog‘i, bu ishga ham kirishilgan. Ana shunday insonni tug‘ib, voyaga yetgazgan, tarbiyalab, shu kunga yetkazgan onasi Havoxon xoji onaga viloyat hokimi nomidan "Malibu" mashinasining sovg‘a qilinishi, topshirilishi, bu tabiiy hol. Bu juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega", - deb aytdi Bi-bi-si bilan suhbatda Muhammadjon Obidov.

Ayni paytda u "Malibu" uchun pul qaysi manbadan olinganini ochiqlamadi.

Obidovning so‘zlariga ko‘ra, bu "ichki sir".

"Malibu"ni olish uchun davlat byudjetidan bir so‘m ham sarflangani yo‘q", deya ta’kidladi Farg‘ona viloyat hokimining matbuot kotibi.

Hokimlarning mashina sovg‘a qilishlari Mirziyoyev davri an’analaridan biri.

Prezidentning o‘zi uchizak ko‘rganlardan tortib, maktab o‘quvchisiyu fermer, hatto qo‘shni davlat fuqarolarigacha mashina sovg‘a qilgani ma’lum.

Ammo hech qachon bu kabi qimmatbaho sovg‘alarning moliyaviy manbasi ochiqlanmagan.

Ayni paytda O‘zbekistonning tashqi qarzi sur’at bilan o‘sib borayotgani ham ma’lum.

O‘tgan oy Markaziy Bank umumiy qarz 20 milliard dollardan oshganini ma’lum qilgan.

Bu joriy yil boshiga nisbatan 20% yoki $3,4 mlrdga ko‘pdir.

O‘zbekiston Respublikasi Byudjet Kodeksining 11-bobida "Byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari daromadlari" ko‘rsatilgan.

Uning 72 va 73- moddalarida shahar va tumanlarning xarajatlari hamda zahiralari nimalarni qoplashi mumkinligi aytiladi.

Bu xarajatlar ichida fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish moddasi ko‘zda tutilmagan.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning aytishicha, agar hokim byudjetdan tashqari qandaydir daromad yoki jamg‘arma hisobidan mashina, uy va hakazo taqdim etayotgan bo‘lsa, uni aniq manbasini ko‘rsatishi va qonunchilikning qaysi moddasiga amal qilayotganini bildirishi kerak.

Aks holda, bularning hammasi yo biron bir tashkilot yoki tadbirkor hisobidan, yo-da mahalliy byudjet hisobidan deya qaralib, noqonuniy deb tan olinishi kerak bo‘ladi.

Qozog‘istonlik iqtisodchi Saparboy Jubayevning aytishicha, Qozog‘istonda bu kabi rag‘batlantirishlar uchun bir necha maxsus jamg‘armalar zahiralaridan foydalaniladi.

Ayni paytda tuman yoki viloyat hokimlarining umummilliy jamg‘arma mablag‘laridan istifoda etish imkoni cheklangan.

"O‘zlariga tegishli zahira mablag‘laridan foydalanganlari taqdirda, mahalliy kengashlar oldida hisob beradilar", - deydi qozog‘istonlik iqtisodchi.