O‘zbekiston prezidentining “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq XTV tasarrufidagi texnik ijodkorlik, badiiy ijodiyot, o‘lkashunoslik va ekologiya bo‘yicha “Barkamol avlod” Respublika bolalar markazlari negizida Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) “Barkamol avlod” bolalar markazlari negizida “Barkamol avlod” bolalar maktablarini tashkil etish belgilandi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi vazirligi va viloyat xalq ta’limi boshqarmalari huzuridagi axborot-resurs markazlari negizida “Bolalar kutubxonalari” tashkil etiladi. Bundan tashqari, bolalar turizmini tizimli rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, 2020–2023-yillarda Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahridagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari huzurida 100–200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazalari” tashkil etiladi.

Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, unda Xalq ta’limi vazirligining maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish bo‘yicha asosiy vazifalari bilan birga 2019–2021-yillarda xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasalari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, 2020–2024-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Barkamol avlod” bolalar maktablari hamda 2020–2023-yillarda yangidan quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan “Bolalar kutubxonalari”ning asosiy parametrlari tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, 2020-2021-o‘quv yilidan boshlab, barcha “Barkamol avlod” maktablarida “STEAM – ta’lim” (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – muhandislik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi joriy etilib, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilar qiziqishiga ko‘ra “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq to‘garaklari tashkil etiladi.

“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarini ijtimoiy holatini yaxshilash, ularning samarali mehnat qilishlari uchun shart-sharoit yaratish maqsadida, 2020 yil 1 yanvardan boshlab direktor va direktor o‘rinbosarlarining ish haqi 1,55 baravarga, to‘garak rahbarlarining ish haqi 1,5 baravarga oshiriladi. Instruktor-uslubchilar va uslubchilar ish haqi to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtiriladi.

O‘quvchilarni “Barkamol avlod” bolalar maktablariga qamrab olish darajasi (umumta’lim maktablardagi o‘quvchilar soniga nisbatan) 10,5 foizga hamda 2024 yilga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida robototexnika va injenerlik to‘garaklari ulushi (jami to‘garaklar soniga nisbatan) 10 foizga yetkaziladi. Shuningdek, “Bolalar kutubxonalari” va maktab kutubxonalari uchun jahon va milliy adabiyoti durdonalariga kiruvchi asarlarning audiokitob shakli yaratiladi.