Samarqand viloyati sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev 13 yilga qamaldi. 2-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining yopiq sud majlisida sobiq hokim Turobjon Jo‘rayev va uning jinoiy sheriklariga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Bu haqda Ozodlik tarqatgan xabarni Minbar manbasi tasdiqladi.

"Jinoiy guruh rahbari" deya ko‘rsatilgan Turobjon Jo‘rayev JKning 205 ("Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chiqish) va 210 ("Pora olish") moddalari bilan aybdor deb topilgan va 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Uning o‘rinbosari O‘tkir Abdullayev 11 yilga, hokimlik bosh mutaxassisi Bahodir Xo‘jaqulov 7 yilga, mutaxassislar Botir Abdullayev 6 yilga va To‘lqin Sulaymonov 5 yilga (shartli) ozodlikdan mahrum qilindi.

Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo‘rayev Samarqand shahrida ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 140 000 AQSh dollari miqdorida pora olgan deb aytilmoqda.

Turobjon Jo‘rayev va uning sheriklariga nisbatan jinoyat ishi xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining 2018-yil 13-iyul kuni o‘tkazilgan navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etgan Bosh vazir Abdulla Aripov va Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayevlar ko‘rsatmasiga asosan qo‘zg‘atilgandi.

Bosh prokuraturaga sobiq hokim mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish va ta’magirlikda ayblanayotganini aytgan.

"O‘zbekiston24" kanali tarqatgan xabarda Jo‘rayev "o‘z manfaatlari uchun butun boshli vertikal poraxo‘rlik tizimini yaratib, pul-mablag‘larni o‘zlashtirgani" aytilgan.

Muqaddam Surxondarë va Qashqadarë viloyatlariga hokimlik qilgan Jo‘rayev 2013-yilda korrupsiya ayblovlari bilan lavozimdan bo‘shatilgandi.

52 yoshli Turobjon Jo‘rayev — 2016-yildan keyin hokimiyatga qaytgan yuqori martabali mulozimlardan biri.