Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 2-avgust kuni «Respublika hududlarida "Business City" zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzolagan.

Ushbu qarorga ko‘ra O‘zbekistonning barcha shahar va tumanlarida o‘ziga xos sitilar qurilishi rejalashtirilgan. Bunga Tashkent City, Samarkand City, Fergana City, Namangan City, Olmazor City, Yunusobod City, Mirzo Ulugbek City, Delta City, Fargona Street (Tashkent), Chorsu Bazar kabi loyihalarni misol qilib keltirish mumkin. Hozircha ommaga oshkor qilingani va OAV orqali ma’lum bo‘lganlarini jamladik.

Biz hozirgi kungacha respublikada ishlab chiqilgan barcha siti loyihalariga to‘xtalib o‘tamiz.

Tashkent City

Tashkent City xalqaro ishbilarmonlar markazi poytaxtning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘idagi 80 gektar hududda qurilmoqda. Loyihaga muvofiq «Tashkent City»da biznes markazlari, savdo majmualari, mehmonxonalar, ofislar, kongress-xol, ko‘rgazma zallari, ko‘p qavatli uylar, restoranlar, sun’iy ko‘l, favvoralar va boshqa ijtimoiy obyektlar barpo etiladi.

Tashkent City barcha sitilar ichida eng yirigi va muhimi deyish mumkin. Ushbu innovatsion markaz qurilishi 4 yilda, 2018 – 2021-yillarda bitkazilishi rejalashtirilgan. Loyihada jami 8 ta lot bunyod qilinadi.

1-lot Gardens Residence turarjoy kompleksi bo‘lib, unda 8 qavatli 9 ta uy quriladi. Qurilish ishlari 89518 kv. m. maydonda olib borilmoqda. 2018-yil may oyida boshlangan qurilish 2019-yil dekabrda yakunlanishi rejalashtirilgan.

Photo: Tashkent City

2-lot: bu hudud 3 ta asosiy blokdan iborat. Ikkita blokda ko‘p qavatli 5 ta turarjoy binosi quriladi. Ularning pastki qavatlarida savdo do‘konlari joylashadi. Uchinchi blokda maktab barpo etiladi. 45886 kv. m. maydonda qurilish ishlari 2018-yil iyul oyida boshlangan va 2021-yil oktabrda yakunlanadi.

Photo: Tashkent City

3-lot: ushbu hudud bitta blokdan iborat, unda bitta savdo markazi va 2 ta osmono‘par bino quriladi. Baland binolarda ofis va turarjoylar bo‘ladi, 4 qavatli savdo markazi esa shu ikki binoning ostiga joylashadi. Qurilish 2021-yil aprel oyida bitkaziladi.

Photo: Tashkent City

4-lot: bu hududda bitta blok bo‘lib, unda uch xil shaklga ega bitta bino quriladi. Pastki qismi savdo do‘konlari, yuqori qismlari turarjoy va ofis uchun mo‘ljallangan. Ular 2021-yil dekabr oyida foydalanishga topshiriladi.

Photo: Tashkent City

5-lot: bu hududda 5 yulduzli mehmonxonasi bor Kongress markazi quriladi. Mazkur binoda turli sammitlar, prezidentlarning uchrashuvlari o‘tkaziladi. Kongress markazi 2021-yil sentyabr oyida qurib bitkazilishi mo‘ljallangan.

Photo: Tashkent City

6-lot: hududdagi ofis binolarini qurishda asosan ikki xil materialdan foydalanilmoqda: tosh va alyumin. Lot 2021-yil dekabr oyigacha quriladi.

Photo: Tashkent City

7-lot: ushbu hududda 4 qavatli 11 ta uy quriladi. Bu binolardan savdo, ofis va turarjoy maqsadida foydalaniladi. Birinchi qavati savdo do‘konlari, ikkinchi va uchinchi qavatlari ofis, to‘rtinchi qavat esa turarjoy uchun mo‘ljallangan. Qurilish 2019-yil dekabr oyida bitkaziladi.

Photo: Tashkent City

8-lot: bu hudud Toshkent markazidagi yirik dam olish maskanlaridan biri bo‘ladi. Mazkur xiyobon Tashkent City markazida joylashgan bo‘lib, an’anaviy va zamonaviy ko‘ngilochar tadbirlar uchun mo‘ljallangan. Xiyobonda amfiteatr, ko‘l, festival maydoni, oranjereya, savdo maydonlari, kafe, restoran va suvenir do‘konlari joylashadi. Lot 2019-yil sentyabr oyida tayyor bo‘ladi.

Photo: Tashkent City

Yunusobod City

Yunusobod Business City 4 ta lotdan iborat bo‘lib, Yangishahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida quriladi. 41 gektar maydonda qurilishi kutilayotgan markazning 1-loti 9,19 gektar bo‘lib, unda 9, 12, 15 qavatli 3 va 4 yulduzli mehmonxonalar bunyod etiladi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

2-lot 12,2 gektar bo‘lib, ushbu hududda maktab, bog‘cha hamda 1388 o‘rinli avtoturargoh barpo etish ko‘zda tutilgan. Maydoni 1,4 gektar bo‘lgan 3-lotda ofis va mehmonxonalar, 12 va 15 qavatli binolar qurilishi mumkin. 18,2 gektarlik 4-lotda esa katta bog‘, kichik do‘kon va restoranlar qurish rejalashtirilmoqda.

Mirzo Ulugbek City

Mirzo Ulugbek City ko‘p qavatli turarjoylar, savdo do‘konlari, ko‘p tarmoqli majmualar, ijtimoiy obyektlardan iborat bo‘ladi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

Olmazor City

Olmazor City loyihasida ko‘p qavatli turarjoylar, biznes-ofislar, mehmonxonalar, 3-4 qavatli savdo markazlari, xususiy bog‘cha va maktablar, dam olish maskanlari quriladi. Qurilish ishlari 2021 yilda tugatiladi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

Delta City

Dastlabki nomi Hi-Tech City bo‘lgan Delta City yuqori texnologiyali xalqaro innovatsion markaz hisoblanadi. Delta City Amir Temur, Kichik halqa yo‘li, Sandiqqo‘rg‘on va Iftixor ko‘chalari o‘rtasidagi hududda joylashadi. Ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilayotgan mavze Toshkent axborot texnologiyalari universiteti yaqinida joylashib, Xalqaro biznes markazi va «O‘zekspomarkaz» maydonini o‘z ichiga oladi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

Fargona Street (Farg‘ona yo‘li)

«Farg‘ona yo‘li» loyihasi Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bo‘yida 227,57 gektar yerda quriladi. Loyiha doirasida yangi turarjoylar, zamonaviy ofislar, mehmonxonalar, gipermarketlar, ko‘ngilochar markazlar, xususiy bog‘cha, maktab, klinika kabi ijtimoiy obyektlar bunyod etiladi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

Chorsu Bazar – Eskishahar

Chorsu Bazar loyihasiga ko‘ra Toshkentning ramziga aylangan Chorsu bozori va Eskishahar hududi yangi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Bu yerda ham turli ko‘ngilochar markazlar, savdo shoxobchalari, ko‘p qavatli uylar quriladi. Chorsu bozori ramziga aylangan ko‘k gumbaz aslicha saqlab qolinadi.

Photo: Toshkent shahar hokimligi

Samarkand city

Samarqand shahrida 2020 yilgacha Samarkand city turizm zonasi, Samarqand tumanida esa eshkak eshish kanali hududida sport-sog‘lomlashtirish va turistik-rekreatsion majmuasi barpo etiladi.

Loyihaga ko‘ra yangi mehmonxonalar, sog‘lomlashtirish va savdo markazlari, madaniyat muassasalari, turistik-rekreatsion hududlar hamda turizm infratuzilmasining boshqa obyektlari quriladi.

Aviareyslar va tezyurar «Afrosiyob» elektropoyezdi qatnovlari soni ko‘paytiriladi. Samarqand shahrining tarixiy hududida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan tashkilot tashkil etilib, turistik obyektlarga olib boradigan yo‘llar quriladi, mavjudlari rekonstruksiya qilinadi.

Samarkand city turizm zonasida mehmonxonalar, kottejlar, madaniy-sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar-savdo maskanlari quriladi.

Namangan City

Mazkur loyiha Namangan shahrining Guliston dahasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu yerda ham aholining mazmunli dam olishi uchun qulay obyektlar bunyod etiladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan City loyihasi bilan tanishib chiqqan.

Fergana City

Farg‘onada xalqaro ishbilarmonlik markazi – Fergana City bunyod etiladi. Uning qurilishiga janubiy koreyalik investorlarni ham jalb etish rejalashtirilgan. Loyihada osmono‘par binolar, maktab va bog‘chalar, ofislar qurilishi rejalashtirilgan.