16-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berildi, jumladan, ta’lim sifati bo‘yicha Sirdaryo viloyatini namunali hududga aylantirish tashabbusi ilgari surildi, deya xabar bermoqda XTV axborot xizmati.

Mazkur vazifaning ijrosini ta’minlash maqsadida 2019 yil 2 oktyabr kuni Sirdaryo viloyat hokimligida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduxakimov raisligida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Tashkenbayev, Davlat test markazi direktori Majid Karimov, Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojiyevlardan iborat Respublika ishchi guruhining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Yig‘ilishda birinchi navbatda viloyatda mavjud 309 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini xatlovdan o‘tkazish, ularning moddiy-texnika bazasi ahvolini o‘rganish, maktab direktorlarining menejerlik qobiliyatlari va bilimlari, 13 ming nafardan ortiq fan metodistlari va o‘qituvchilar hamda 9 ming nafarga yaqin o‘quvchilarning bilim darajalarini aniqlagan holda viloyat xalq ta’limi tizimining bugungi kundagi real holatini baholash vazifasi atroflicha muhokama qilingan.

Shu maqsadda Davlat test markazi tomonidan viloyatdagi xalq ta’limi boshqaruvi organlari xodimlari va maktab direktorlarining rahbarlik qobiliyati, metodist va o‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha bilimlarini test sinovidan o‘tkazish hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan maktab o‘quvchilarining bilim darajasini yozma ishlar orqali o‘rganish belgilab olingan.

O‘rganish natijalari har tomonlama tahlil qilinib, ular asosida har bir maktab, tuman (shahar) kesimida hamda viloyat va Respublika darajasida Sirdaryo viloyatida ta’lim sifatini oshirish yuzasidan “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

XTV Sirdaryo viloyati umumta’lim muassasalarini o‘rganish davomida ta’lim jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ayrim noqulayliklarni o‘quvchi, o‘qituvchi, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari to‘g‘ri tushunishiga umid bildirgan.