Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan Sirdaryo viloyatini ta’lim sifati bo‘yicha namunali hududga aylantirish loyihasi doirasida matematika fani bo‘yicha xalqaro olimpiadalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan Respublika terma jamoasiga sirdaryolik yosh iqtidor egalarini yetkazib berish, ularning bilimlarini yanada mustahkamlash va tengdoshlariga o‘rnak sifatida targ‘ib qilish maqsadiad shu yilning 6-oktyabr kuni Guliston shahridagi “Alpomish” sport majmuasida viloyatdagi 4-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Yosh matematiklar” olimpiadasi o‘tkazilgan.

Olimpiadada 400 nafardan ortiq viloyat o‘quvchilari 3 guruhga bo‘lingan holda qatnashgan. Unda
1-guruhga 10-13 yosh, 2-guruhga 14-15 yosh, 3-guruhga 16-18 yoshli bolalar qamrab olingan.

Olimpiada topshiriqlari murakkabligi jihatidan Xalqaro matematika olimpiadalari darajasiga muvofiq holda XTV tomonidan tuzilgan. Olimpiada shartiga ko‘ra, ishtirokchilar Z soat ichida ular 5 ta masalani yechish vazifa etib belgilangan.

XTV axborot xizmatining xabar berishicha, olimpiada ishtirokchilarining javoblari o‘sha yerning o‘zida tajribali soha mutaxassislari tomonidan tekshirilib, natijalari o‘quvchilarga javob varaqasi bilan birgalikda taqdim qilingan. Olimpiada natijalari asosida har bir yosh guruhi bo‘yicha 15 nafardan tanlab olingan jami 45 nafar eng iqtidorli o‘quvchilar xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik ko‘rish huquqini qo‘lga kiritdi va ular uchun alohida qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.