Namangan viloyatida barpo etilgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi(IES)da 5 avgust kuni birinchi gaz turbinasi ishga tushirildi. Energetika vazirligining bildirishicha, hozircha IES test rejimida ishlaydi, noyabr oyidan boshlab to‘laqonli faoliyat ko‘rsatadi.

“Birinchi uskunani topshirish muddati 2019-yilning sentyabriga belgilangan edi. Ikkinchi blok joriy yilning noyabrida ishga tushiriladi”, – deyiladi vazirlik xabarida.

To‘raqo‘rg‘on IEC yiliga 7 milliard kVt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Vazirlikning iddaosicha, IES Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining elektr quvvatiga bo‘lgan asosiy ehtiyojini qoplaydi.

Qiymati qariyb 1 milliard 200 million dollarlik IES Namangan viloyatida kichik gidroelektr stansiyalari qurish dasturi doirasida ishga tushirildi.

To‘raqo‘rg‘on IESni qurish rejasi aslida 2014-yildan beri mavjud edi. Rejaga ko‘ra uning birinchi energobloki 2016-yilda, ikkinchisini 2017-yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi.

IES Yaponiyaning Mitsubishi Corporation va Mitsubishi Hitachi Power Systems Ltd konsorsiumi bilan hamkorlikda bunyod etildi.